14/09/2021

 O‘tgan yili BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Davlat statistika qo‘mitasining aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha imkoniyatlarini ijobiy baholadi. Shundan so‘ng bu sohaga doir ko‘plab anjuman va uchrashuvlar o‘tkazildi. Chet el tajribasi o‘rganildi.

 

 

 Jumladan, 2019- yilning 19-21 avgust kunlari Davlat statistika qo‘mitasi vakillari, vazirlik va idoralar hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida Chexiya Respublikasida aholini ro‘yxatga olish masalalari muhokama qilindi. 25 sentyabr' kuni qo‘mitamiz YuNFPA, USAID, Jahon Banki, BMTning Bolalar fondi vakillari, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari va tegishli vazirliklar ishtirokida “O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik, texnik va moliyaviy yordam yo‘nalishlari” mavzuidagi donorlik uchrashuviga mezbonlik qildi. Uchrashuvda mamlakatimizda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlarida uslubiy va texnik yordam ko‘rsatish hamda tajriba almashish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. 

26- noyabrda BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan YuNFPA, Davlat statistika qo‘mitasi va qator vazirlik, tashkilotlar ishtirokidagi xalqaro seminarda O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlikning hozirgi holati, muvofiqlashtiruvchi guruh uchun texnik hamkorlik loyihasini muhokama qilish va tasdiqlash kabi masalalar ko‘rib chiqildi. Davlat statistika qo‘mitasi mutaxassislari va Belarus' Milliy statistika qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i T. V. Babuk ishtirokida tadbir ham qizg‘in kechdi.

27-28 noyabr' kunlari bo‘lib o‘tgan xalqaro seminarda MDHga a'zo davlatlar milliy statistika idoralarining aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha mutaxassislari, MDHning Statistika qo‘mitasi rahbarlari, YuNFPA vakillari, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi va boshqa xalqaro tashkilot vakillari 2019 yilning oktyabr' oyida Ozarbayjon va Belarus' davlatlarida o‘tkazilgan aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari, MDHga a'zo boshqa davlatlarda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari kabi mavzularda fikr almashishdi.

Tugmani bosing Tinglash GSpeech