Welcome to Andijon viloyati statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon viloyati statistika boshqarmasi Powered By GSpeech

Mintaqada yagona boʻlgan yangi korxona ish boshladi

 Surxondaryo viloyatida yana bir turdagi noyob yangi mahsulot tayyorlash oʻzlashtirildi. “Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasida “Boysunlano” masʼuliyati cheklangan jamiyati quy junidan lanolin birikmasi ishlab chiqaradigan zamonaviy korxonani ishga tushirdi.

Dunyoning sanoqli davlatlarida tayyorlanadigan lanolinni mahalliy sharoitda ishlab chiqaradigan korxona barpo etish uchun “Boysunlano” masʼuliyati cheklangan jamiyati 22 milliard 345 million soʻm mablagʻ sarfladi.
 
“Boysun-farm” erkin iqtisodiy zonasi rahbari M.Ochilovning aytishicha, zamonaviy xorij texnologiyalari bilan jihozlangan mazkur korxona mintaqamizda yagona boʻlib, bu yerda farmatsevtika va parfyumeriya sanoati uchun sifatli, import oʻrnini bosadigan, arzon xom ashyo ishlab chiqariladi.
 
Maʼlumki, qoʻy terisi ostidagi bezlar nafaqat yogʻ, balki yogʻsimon lanolin moddasini ham ishlab chiqaradi. Teri ustiga chiqqan yogʻ orqali bu modda qoʻy juniga yopishadi. Korxonada maxsus texnologiya yordamida yuvilgan jundan ajratib olingan ana shu lanolinning xidini ketkazish uchun qayta ishlov beriladi. Inson terisiga tez shimilish xususiyati bilan farmatsevtika va parfyumeriya sanoatida muhim xom ashyo sanaladigan lanolin shamcha hamda surtmalar tayyorlashda biriktiruvchi modda sifatida ham keng qoʻllaniladi. Lanolini ajratib olingan jundan xalq xoʻjaligi uchun zarur kigiz toʻqish rejalashtirilmoqda.
 
Ayni paytda korxonada 20 kishi ish bilan taʼminlandi. Toʻliq ishga tushgach, yana oʻttizdan ortiq ish oʻrni yaratiladi. Mahsulotning mahalliy ehtiyojdan ortiq qismi Xitoy va Rossiyaga eksport qilinadi.
 
 
OʻzA 
Tugmani bosing Tinglash