Welcome to Andijon viloyati statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon viloyati statistika boshqarmasi Powered By GSpeech

Davlat va xo`jalik boshqaruvi idoralarini belgilash tizimi idoraviy statistik ma`lumotnomasiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Respublika iqtisodiyoti va aholisining energiya resurslariga boʻlgan talabini toʻliq qanoatlantirish, neft-gaz korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirishni taʼminlash, shuningdek, umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar va eng yaxshi xorijiy tajriba asosida tarmoqda sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) bilan birgalikda 2020-yil 1-sentyabrga qadar Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki ekspertlarini jalb qilgan holda quyidagilarni:

Gaz-transport tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish dasturining bosh rejasi;

barcha ishtirokchilarga teng kirish imkoniyatini taʼminlash va narxni shakllantirishning shaffof mexanizmlarini nazarda tutgan holda elektr energiyasi va tabiiy gazning birja savdolari asosidagi ulgurji bozorini yaratish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

2. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda:

a) xalqaro darajada tan olingan konsalting va auditorlik kompaniyalarini jalb qilgan holda:

2020-yil 1-iyulga qadar tegishli idoralar bilan birgalikda Neft-gaz tarmogʻi korxonalarining operatsion samaradorligini yaxshilash boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

2020-yil 1-oktyabrga qadar neft-gaz tarmogʻidagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi “komplayens-nazorat” tizimi joriy etilishini taʼminlasin;

b) 2020-yil 1-iyunga qadar yuqori malakali xorijiy ekspertlar va mutaxassislar, shu jumladan, xorijdagi vatandoshlarni neft-gaz tarmogʻi korxonalariga ishga yollash toʻgʻrisidagi takliflarni, ularni tanlab olish, qoʻyiladigan malaka talablari, funksional majburiyatlar, jalb qilish muddati va mehnatga haq toʻlash hajmlarini koʻrsatgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

3. Litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni maqbullashtirish boʻyicha idoralararo ishchi guruhi (R.Davletov) “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda neft-gaz tarmogʻidagi faoliyat turlarini litsenziyalashni takomillashtirish va soddalashtirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Agentlikning quyidagilar toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) ustav jamgʻarmasida davlat ulushini oshirish hisobiga quyidagilarni kapitalizatsiyalash:

“Oʻzbekneftgaz” AJga ilovaga muvofiq investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun avval ajratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) kreditlari boʻyicha 2020-yil 1-aprel holatiga “Oʻzbekneftgaz” AJning asosiy qarzi va hisoblangan foizlarni;

kapitalizatsiyalangan mablagʻlarni keyinchalik “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJ ustav jamgʻarmasini oshirishga yoʻnaltirgan holda, “Birinchi rezinotexnika zavodi” MCHJga “Angren” EIZ hududida konveyer lentalari, qishloq xoʻjaligi va avtomobil shinalari ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasini amalga oshirish uchun avval ajratilgan Jamgʻarma kreditlari boʻyicha 2020-yil 1-aprel holatiga “Oʻzkimyosanoat” AJning asosiy qarzi va hisoblangan foizlarni;

b) 2017-2021-yillarda uglevodorod xomashyosi qazib chiqarishni koʻpaytirish dasturini moliyalashtirishni davom ettirish maqsadida Ipak yoʻli jamgʻarmasi (XXR) va xorijiy tijorat banklarining 250 million AQSH dollari miqdoridagi, shuningdek, eksport-kredit agentliklari hisobidan 400 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablagʻlarini jalb qilish.

5. Agentlik Jamgʻarma, “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Oʻzkimyosanoat” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda qoʻshimcha aksiyalarni joylashtirish va kredit shartnomalariga belgilangan tartibda tegishli oʻzgartirishlarni kiritish yoʻli bilan “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Oʻzkimyosanoat” AJ ustav jamgʻarmalarida davlat ulushini oshirish boʻyicha tegishli choralarni koʻrsin.

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi mazkur qarorda nazarda tutilgan qoʻshimcha aksiyalarni chiqarishning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga 2017-2021-yillarda uglevodorod xomashyosi qazib chiqarishni koʻpaytirish dasturini moliyalashtirish uchun jalb qilinadigan 250 million AQSH dollari ekvivalentidagi kreditlar boʻyicha “Oʻzbekneftgaz” AJning Ipak yoʻli jamgʻarmasi (XXR) va xorijiy tijorat banklari oldidagi majburiyatlari yuzasidan davlat kafolatlarini belgilangan tartibda berish vakolati taqdim etilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ bilan birgalikda 2020-yil 1-iyunga qadar 2017-2021-yillarda uglevodorod xomashyosi qazib chiqarishni koʻpaytirish dasturini moliyalashtirish uchun Ipak yoʻli jamgʻarmasi (XXR) va xorijiy tijorat banklarining kreditlari, shuningdek, eksport-kredit agentliklarining yordami jalb etilishini taʼminlasin.

8. Belgilansinki, 2020-yil 1-maydan boshlab:

Ai-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilgʻisi (shu jumladan, EKO markali dizel yoqilgʻisi) chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinadi;

neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan Ai-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilgʻisini (shu jumladan, EKO markali dizel yoqilgʻisini) sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshiriladi;

byudjet tashkilotlari, paxta xomashyosi va gʻalla ishlab chiqaruvchi fermer xoʻjaliklari va paxta-toʻqimachilik klasterlari, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Toshshahartransxizmat” AJ, maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha davlat korxonalariga dizel yoqilgʻisi (shu jumladan, EKO markali dizel yoqilgʻisi) oʻtgan chorakdagi birja savdolari natijalariga koʻra shakllangan oʻrtacha birja narxlari boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida, shuningdek, ularga neftni qayta ishlash zavodlaridan neft mahsulotlarini birja savdolari orqali xarid qilish huquqini taqdim etgan holda sotiladi;

neftni qayta ishlash zavodlari “Oʻzbekneftgaz” AJ neft bazalarining buyurtmanomalariga koʻra mazkur bandning toʻrtinchi xatboshisida koʻrsatib oʻtilgan isteʼmolchilarga sotilgan dizel yoqilgʻisi (shu jumladan, EKO markali dizel yoqilgʻisi) hajmi uchun “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan belgilanadigan chegirmani taqdim etadi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi 2020-yil 1-maydan boshlab:

narxlarni jahon birjalaridagi Brent nefti kotirovkalariga bogʻlab qoʻygan holda, “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Shoʻrtan GKK” MCHJ tomonidan sotiladigan neft va gaz kondensati uchun yangi ichki tarmoq narxlari;

neft mahsulotlari va uglevodorodlarni import qilish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga neft mahsulotlari va uglevodorodlarni neft bazalarining boʻsh sigʻimlarida saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish uchun tariflar belgilanishini taʼminlasin.

10–11. Maxfiy.

12. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:

yuridik shaxslar, shu jumladan, “Oʻzbekneftgaz” AJ neft bazalari tomonidan neft mahsulotlarini qayta sotish uchun neftni qayta ishlash zavodlaridan birja savdolari orqali sotib olish yakuniy isteʼmolchiga sotilganda toʻlanishi lozim boʻlgan aksiz soligʻi hisobga olinmagan holda amalga oshiriladi. Bunda, ushbu yuridik shaxslarning oʻz ehtiyojlari uchun foydalanadigan neft mahsulotlari hajmi qismida aksiz soligʻi belgilangan tartibda toʻlanadi;

tabiiy gaz qazib oluvchi tashkilotlar tomonidan gazni qayta ishlash va uni utilizatsiya qilish tashkilotlariga sotiladigan tabiiy gaz hajmi yakuniy isteʼmolchiga realizatsiya qilinadigan hajm sifatida koʻrilmaydi.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 17-yanvardagi “Mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlarini talab yuqori boʻlgan mahsulot va xomashyo turlari bilan barqaror taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3479-son qarori 2-bandi “b” kichik bandining ikkinchi va uchinchi xatboshilari chiqarib tashlansin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S.Sultonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                         Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 4-aprel

 

Manba:uza.uz

 

Tugmani bosing Tinglash