Welcome to Andijon viloyati statistika boshqarmasi   Click to listen highlighted text! Welcome to Andijon viloyati statistika boshqarmasi Powered By GSpeech

Davlat va xo`jalik boshqaruvi idoralarini belgilash tizimi idoraviy statistik ma`lumotnomasiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida

 

 Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar ijrosi bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 20-21 avgust kunlari Qoraqalpogʼiston Respublikasida boʼldi.

Tashrifning ikkinchi kuni Prezidentimiz raisligida Nukus shahrida Qoraqalpogʼistonni har tomonlama rivojlantirish boʼyicha yigʼilish boʼlib oʼtdi.

Unda Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesi va Vazirlar Kengashi, shahar va tumanlari sektor rahbarlari, vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirok etdi.

Yigʼilishda barcha hududlarda boʼlgani kabi Qoraqalpogʼistonda ham ijobiy sifat oʼzgarishlariga erishilgani taʼkidlandi. Birinchi yarim yillikda yalpi hududiy mahsulot 7,2 foizga, qishloq xoʼjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 5,4 foizga, qurilish ishlari hajmi 45 foizga oʼsgan.

Prezidentimiz hududda hali muammolar koʼpligini, sanoatni rivojlantirish, ish oʼrinlarini koʼpaytirish boʼyicha ishlar yetarli emasligini taʼkidladi.

– Bu yerga qarsak uchun emas, ishlash uchun, xalqimizning koʼziga qarash uchun keldim, – dedi Shavkat Mirziyoev. – Dunyoqarashini oʼzgartirmagan sektor rahbarlari oyogʼimizga kishan. Ishga kirgan bitta xotin-qizning baxtini tasavvur qilasizlarmi? Yoshlarni kim yetaklaydi, ularga toʼgʼri yoʼnalish beradi? Moʼynoq misolida koʼrdilaringiz. Odamlarning koʼzlarida «qilsa boʼlar ekan-ku», degan nur bor. Lekin endi bu tarix. Hamma tumanlarda shunday oʼzgarishlar qilish kerak.

Birinchi yarim yillikda Qoraqalpogʼistonda sanoat ishlab chiqarish hajmi atigi 0,5 foizga oʼsgani, Taxtakoʼpir, Shumanay, Nukus, Chimboy, Toʼrtkoʼl, Kegeyli tumanlarida sanoat deyarli yoʼqligi tanqid qilindi. Xizmat koʼrsatish, tadbirkorlik rivoji ham sust.

– Oxirgi uch yilda tub islohotlar natijasida koʼplab sohalarni erkinlashtirdik, ularning rivojiga xalaqit bergan cheklovlarni bekor qildik. Qoraqalpogʼistonda ham har bir sektor rahbari cheklovlarni bekor qilaman, tadbirkorga xizmat qilaman, degan qoida, shior bilan ishlashi kerak, – dedi Prezident.

Yigʼilishda Qoraqalpogʼistonni yanada taraqqiy ettirish boʼyicha beshta ustuvor yoʼnalish belgilab berildi.

Birinchisi – sanoatni rivojlantirish, barcha tarmoqlarda yirik va kichik ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishdan iborat.

Ikkinchi ustuvor yoʼnalish tadbirkorlik jadal rivojlanishi uchun keng yoʼl ochib berish va uni har taraflama qoʼllab-quvvatlashdir.

Qishloq xoʼjaligida ilgʼor texnologiyalarni keng joriy qilgan holda, ishlab chiqarish hajmi, hosildorlik va mahsulot turlarini keskin oshirish uchinchi ustuvor yoʼnalish etib belgilandi.

Toʼrtinchisi – ishlab chiqarish va odamlar uchun qulay boʼlgan zamonaviy infratuzilmani yaratish.

Orolboʼyi aholisining yashash sharoiti va turmush darajasini yaxshilash yuzasidan keng qamrovli ishlarni amalga oshirish esa beshinchi ustuvor yoʼnalish sifatida eʼlon qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoev har bir yoʼnalishda nazarda tutilgan masalalarga alohida toʼxtalib, ular boʼyicha faol ishlash zarurligini taʼkidladi.

Shuningdek, har bir tuman va shaharning oʼziga xos xususiyatlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib, ularni turli sohalarga ixtisoslashtirish boʼyicha tavsiyalar berildi.

Jumladan, Qoraoʼzak tumani qurilish materiallari, Beruniy, Xoʼjayli, Nukus tumanlari meva-sabzavotchilik, Taxtakoʼpir chorvachilik, Shumanay parrandachilik, Ellikqalʼa uzumchilik va turizm, Moʼynoq baliqchilik va chorvachilik, Kegeyli chorvachilik, qizilmiyani qayta ishlash va qogʼoz sanoati, Qanlikoʼl tumani dukkakli ekinlar va sholi yetishtirishga ixtisoslashtirilishi qayd etildi.

Qoʼngʼirot tumanini neftь-kimyo sanoati va chorvachilikka, Chimboyni qizilmiya yetishtirish va qayta ishlashga, Toʼrtkoʼlni shisha, oyna va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga, Аmudaryo tumanini bogʼdorchilik, toʼqimachilik va pillachilikka, Nukus shahrini esa farmatsevtika va elektrotexnikaga ixtisoslashtirib, Taxiatosh tumanini sanoat ishlab chiqarish hududiga aylantirish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

Yigʼilishda sektor rahbarlari Prezidentimiz bergan topshiriqlarni bajarish, oʼz hududida vaziyatni yaxshilash, kutilgan natijaga erishish boʼyicha kafolat berdi.

Davlatimiz rahbari oʼtgan yili Qoraqalpogʼistonga tashrifi doirasida mamlakatimizni yangi taraqqiyot bosqichiga koʼtarishda, eng avvalo, salohiyatli yangi avlod kadrlarini tayyorlash zarurligi, buning uchun yurtimizning har bir hududida bittadan yangi tipdagi taʼlim muassasalari – Prezident maktablari tashkil etilishini taʼkidlagan edi.

Prezidentimizning joriy yil 20 fevralda “Prezident maktablarini tashkil etish toʼgʼrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjat ijrosi doirasida Prezident maktablari mamlakatning barcha hududlarida bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda.

Аyni paytda Nukus, Namangan, Xiva va Toshkent shaharlarida Prezident maktablari qurilishi jadal davom etmoqda.

Shavkat Mirziyoev Nukus shahridagi Prezident maktabida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetiga tegishli hududda qurilayotgan ushbu taʼlim muassasasiga joriy yilning mart oyida tamal toshi qoʼyilgan. Ikki gektar hududda zamonaviy oʼquv binosi, yotoqxona, oshxona, stadion qurilmoqda.

Prezident maktablarini tashkil etishdan asosiy maqsad mamlakatimizning har bir hududida iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning rivojlanishiga zarur sharoitlar yaratishdir. Eng qobiliyatli oʼquvchilar tanlab olinadigan bu maktablarda yoshlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilgʼor taʼlim uslublari asosida chuqur oʼrgatiladi.

Shu bilan birga, maktablarga malakali xorijlik va mahalliy pedagoglar jalb etiladi. Ularning faoliyat yuritishi uchun kerakli sharoitlar yaratiladi.

Mazkur maktablarda oʼquv jarayoni xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan oʼquv reja va dasturlari boʼyicha ingliz tilida amalga oshiriladi va “STEAM – taʼlim” (Science –tabiiy fanlar, Technology – texnologiya, Engineering – texnik ijodkorlik, Art – sanʼat, Mathematics – matematika) dasturi asosida olib boriladi.

Prezident maktablarining 9-11-sinflarida taʼlim olish oʼquvchilarning qiziqishiga koʼra ayrim fanni tanlash va ularni oʼrganish darajasini inobatga olgan holda individual oʼquv jarayoni asosida amalga oshiriladi.

Maktab bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega boʼladi. Bu esa, oʼz navbatida, xorijiy oliy oʼquv yurtlariga kirish imkonini beradi.

Prezident maktablariga qabul imtihonlari Kembrij universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon kengashi tomonidan amalga oshirildi.

Nukusdagi Prezident maktabiga oʼqishga 7 mingdan ortiq oʼquvchi hujjat topshirgan edi, ular orasidan eng iqtidorli 144 oʼquvchi oʼqishga qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida toʼxtalib, Prezident maktablari yurtimizda taʼlim sifatini oshiruvchi lokomotiv boʼlishini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoev maktabning binosi ham, maʼrifati ham mukammal boʼlishi kerakligini, shuning uchun uni shoshmasdan, sifatli qurib, Konstitutsiya bayramida foydalanishga topshirish zarurligini taʼkidladi. Ungacha oʼquvchilar boshqa binoda oʼqib turadi.

Davlatimiz rahbari mazkur bilim dargohi uchun pedagoglar qanday tanlanayotgani bilan qiziqdi.

– Bu maktablarning oʼqituvchisi ham, oʼquvchisi ham eng namunali boʼlishi lozim, – dedi Prezident. – Chuqur bilim bilan birga maʼnaviyat, vatanparvarlik tuygʼusi ham singdirilishi zarur. Bu yerga bilimli bolalar kelishi uchun har bir tumanda bazaviy bogʼcha va maktablar shakllanishi lozim. Shunda umumiy bilim, saviya, taʼlim muhiti oʼzgaradi.

Shu yerda Prezidentimizga Nukus shahri bosh tarhi, “Nukus siti” qurilishi rejalashtirilayotgan hudud haqida ham maʼlumot berildi.

Shavkat Mirziyoev Taxiatosh tumanidagi «Maded Botir» fermer xoʼjaligi dalasida gʼoʼza rivojini koʼzdan kechirdi.

Ushbu xoʼjalikning jami yeri 110 gektar boʼlib, 60 gektarida paxta yetishtirilmoqda.

Davlatimiz rahbari dala agrotexnikasidagi kamchiliklarni koʼrsatib, paxta pishishini tezlashtirish, hosilga hosil qoʼshish boʼyicha oʼz tavsiyalarini berdi. Qishloq xoʼjaligida ilm-fandan keng foydalanish, Qoraqalpogʼistonning iqlimiga mos navlar yaratish lozimligini taʼkidladi.

Prezidentimiz Taxiatosh issiqlik elektr stantsiyasida quvvati 230-280 megavatt boʼlgan ikkita bugʼ-gaz qurilmasini barpo etish boʼyicha amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasi bilan tanishdi.

Taxiatosh issiqlik elektr stantsiyasi Qoraqalpogʼiston Respublikasi va Xorazm viloyatini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida barpo etilayotgan yirik inshootdir. Bu yerda bugʼ-gaz qurilmasining birinchi navbati joriy yil oxirigacha, xuddi shunday ikkinchi qurilma keyingi yil yanvar oyida ishga tushiriladi.

Koreya Respublikasining “Hyundai Engineering Co. Ltd.” va “Hyundai Engineering & Construction Co. Ltd” kompaniyalari hamkorligida amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 678,2 million dollarni tashkil etadi.

Ikkita bugʼ-gaz qurilmasi ishga tushirilishi natijasida stantsiyaning umumiy quvvati 730 megavattdan 1003 megavattgacha oshadi. Yiliga 488,6 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Shuningdek, yillik suv sarfi 293 million kub metrga kamayadi. 100 ga yaqin yangi ish oʼrni yaratiladi.

Аyni paytda inshootda 85 foiz ishlar bajarilgan. Qurilish-montaj, uskunalarni oʼrnatish ishlari davom ettirilmoqda.

Davlatimiz rahbari bugʼ-gaz uskunasi qurilishini koʼzdan kechirdi. Mazkur yangi quvvatlarni barpo etishda ishtirok etayotgan koreyalik mutaxassislar bilan suhbatlashdi.

– Mamlakatimiz energetika xavfsizligini taʼminlash boʼyicha tizimli ishlarni amalga oshiryapmiz. Sanoatni rivojlantirish borasida katta marra olganmiz, toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy investitsiyalar jalb etyapmiz. Bular uchun, avvalo, mustahkam infratuzilma kerak. Tallimarjon, Navoiy, Toʼraqoʼrgʼon, Taxiatosh issiqlik elektr stantsiyalari modernizatsiya qilinib, quvvatlari oshirilayotgani ana shunday asos boʼladi. Аholini, korxonalarni elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlaydi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Shu yerda Prezidentimizga Ustyurt mintaqasida neft va gaz zaxiralarini aniqlash boʼyicha olib borilayotgan geologiya-qidiruv ishlarining holati haqida ham maʼlumot berildi.

Shu bilan Prezidentimizning Qoraqalpogʼiston Respublikasiga tashrifi yakunlandi.

Tugmani bosing Tinglash