31/05/2023

 Aholini ro‘yxatga olish – O’zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o‘tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi, shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish va ularga ishlov berish hamda yakuniy ma’lumotlarni tarqatish va foydalanishning davriy jarayoni hisoblanadi.

Aholini ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish prognozlarini ishlab chiqish, demografik ko‘rsatkichlarni hisoblash va prognozlash, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan  foydalanishni o‘rganish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun aholi to‘g‘risida ishonchli va xolis axborotlarni olish hisoblanadi.

Aholini ro‘yxatga olishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

- aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralarni ishlab chiqish maqsadida, aholi tarkibidagi, demografik vaziyatdagi o‘zgarishlarni baholashga doir ma’lumotlar bazasini kengaytirish;

- shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, o‘rta va qisqa muddatli prognozlari va dasturlarini tayyorlash;

- aholini ro‘yxatga olish davri oralig‘idagi aholi soni
va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish;

- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish.

Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich, tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, 2-3 yilga yaqin vaqt davom etadi.

Tayyorgarlik jarayonidagi eng muhim masala, aholini ro‘yxatga olishda faol ishtirok etish bo‘yicha aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish, reklama roliklari, logotip va shiorlar ishlab chiqish hamda boshqa shu kabi tadbirlar amalga oshiriladi.

O’z navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Aholi sonini ishonchli hisoblash bo‘yicha rasmiy statistika tizimida asosiy rol o‘ynaydi.

Mazkur jarayon uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchisi, tayyorgarlik bosqichi bo‘lib, uch yilga yaqin vaqt davom etadi. Ikkinchisi, asosiy bosqich bo‘lib, bunda bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi. Bu taxminan ikki oy muddatni tashkil etadi. So‘nggi bosqich qariyb uch yil davom etib, olingan ma’lumotlar kodlashtirish yordamida tahlil qilinib, natijalar e’lon qilinadi.

Ro‘yxatga olish jarayonida to‘planadigan statistik ma’lumotlar yagona elektron axborotlar tizimiga kiritiladi. Ya’ni bundan bu yog‘iga qog‘ozbozlikdan voz kechib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga e’tibor qaratiladi.

Ro‘yxatga oluvchilarni tanlash ham eng muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki ma’lumotlarning to‘g‘riligiga bevosita ayni ular mas’ul bo‘ladi va shakllantirilgan ma’lumotlar real bo‘lishi shart. Bu jarayonga jalb etiladigan xodimlar har xil yoshda va kasbda bo‘lishi, birinchi navbatda, Davlat statistika qo‘mitasi va uning viloyat, shahar va tuman bo‘limlari xodimlari, statistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, magistrlar, shuningdek, tayanch doktorantlar bo‘lishi mumkin.

Yoshi va kasbidan qat’i nazar, aholini ro‘yxatga oluchilar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi va zarurat tug‘ilsa, ularga qo‘shimcha maslahatlar beriladi. Aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar amaldagi hujjatlarga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq belgilanadi. Jarayonni davlat budjeti mablag‘lari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobiga moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.

Amaldagi me’yoriy hujjatlarga binoan, yakuniy ma’lumotlarni uch tilda e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan. Chora-tadbirlar dasturida aholini ro‘yxatga olish natijalarini rasmiy chop etish, tarqatish, axborot bilan ta’minlash va e’lon qilish, aholini ro‘yxatga olishning dastlabki va yakuniy ma’lumotlarini arxivda saqlashga tayyorlash muddati 2025 yil 1 dekabrga qadar, deb ko‘rsatilgan. Ya’ni ma’lumotlar bilan tanishishning oxirgi chegara muddati belgilangan. Biroq agarda tezkor faoliyat yuritilsa, ushbu muddatdan oldin ham e’lon qilish imkoniyati mavjud.

Aholini ro‘yxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish ko‘zda tutilgan. Bu — hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini tuzish bilan bog‘liq masala.

Turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini o‘tab bo‘lgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat ob’ektlarni qurish va ta’mirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, respublikaning yangi mukammal kadastr xaritasi yaratiladi.

Keyingi uch yil davomida mas’ul mutasaddilarni qaynoq ish jarayoni kutib turibdi. Ularni muvaffaqiyatli bajarish bilan O’zbekistonning har bir viloyati, shahari, tumanidan tortib mahallasiyu ko‘chasiga, chekka qishloq va olis ovullarigacha aloqador bo‘lgan barcha ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan yagona axborot bazasiga ega bo‘lamiz. Bu qimmatli ma’lumotlar esa bizga bugun, ertaga va yaqin kelajakda juda asqotadi.

 

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech