17/03/2023

Jonajon yurtimiz – O‘zbekistonimizga yasharish, bahor va go‘zallik bayrami – Navro‘zi olam kirib kelmoqda. Ana shu ulug‘ ayyom – sharqona yangi yil bilan kattayu kichik barcha yurtdoshlarimizni chin qalbimizdan samimiy muborakbod etamiz.

 

 

Navro‘zi olam Vatanimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari uchun, butun xalqimiz uchun eng suyukli bayramdir. Bu betakror bayram barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtiradi, ularning qalbida eng go‘zal va olijanob tuyg‘ularni uyg‘otadi. Shu bois ham Navro‘zi olam mustaqillik yillarida, millati, tili va dinidan qat‘i nazar, diyorimizda yashayotgan barcha yurtdoshlarimizning ardoqli va sevimli bayramiga aylandi.

Navro‘z — yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi. Bugun mirishkor dehqonlarimiz katta orzu-niyatlar bilan yangi mehnat mavsumini boshlamoqdalar. Ushbu yilimiz barchamiz uchun qutlug‘ kelsin, hosilimiz mo‘l bo‘lsin!

Bugun biz yurtimizda mana shunday qutlug‘ bayramni nishonlash barobarida, butun dunyoda tinchlik va xotirjamlik bo‘lishini, uzoq va yaqin barcha davlatlarning xalqlariga taraqqiyot, farovonlik hamda ravnaq tilaymiz.

Navro‘zi olam yurtimizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, qut-baraka olib kelsin!

Har bir oila, har bir xonadonda yaxshi kunlar, to‘y-tomoshalar ko‘p bo‘lsin!

Barchamizning ezgu orzu-niyatlarimiz ushalsin!

Osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

Navro‘z bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!

Tugmani bosing Tinglash GSpeech